Bilim Hack

Yevropada endi har bir xabar tekshirilishi rejalashtirilmoqda

Yevropada endi har bir xabar tekshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa yozishmalar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilishi degani.

Qonun Chat Control deb nomlanadi. Uning mohiyati — barcha raqamli servislarni foydalanuvchilarning shaxsiy xabarlarini bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallari mavjudmi-yo‘qmi, deb skanerdan o‘tkazishga majbur qilish. Hatto maxfiylikni kafolatlaydigan uchdan-uch shifrlash (Telegram, WhatsApp, Signal) ham xavf ostida qolmoqda.

2022-yildan beri YI bu qonunni o‘tkazishga urinib kelmoqda, ammo o‘shanda ovoz yetmagan edi. Endi esa uni qabul qilish ehtimoli juda katta.

Skaner qilish amalda telefonni kuzatuv asbobiga aylantiradi. Bu jarayon shifrlashdan oldin, ya’ni qurilmaning o‘zida bo‘lishi kerak (“client-side scanning”). Demak, xabar himoyalangan kanal orqali yuborilishidan oldinroq tekshirib chiqiladi.

Har qanday foto, video, matn yoki havola taqiqlangan materiallar bazalari bilan solishtiriladi. Agar algoritm “shubhali” o‘xshashlik topsa, ma’lumotlar va metama’lumotlar tegishli organlarga yuboriladi.

Tekshiruv barcha foydalanuvchilar uchun istisnosiz amalga oshiriladi. Noto‘g‘ri aniqlashlar esa oddiy oilaviy suratlar, hazillar, memlar va hokazolarga ta’sir qilishi mumkin.

Qonun loyihasini hozircha Yevroittifoqning 19 davlati qo‘llab-quvvatlamoqda. Hal qiluvchi ovoz berish 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Chat Control’dan tashqari, YIda yana ProtectEU rejasi ham mavjud. Uning maqsadi — 2030-yilga borib politsiyaga istalgan ma’lumotni deshifrlash imkonini berish.

← Назад